Yerlashtirgich qanday yasaladi
Admin
330
Dec. 17, 2024
Elektrotexnika
Uylarda yerlashtirgich qanday yasaladi
Xonadonlarda yerlashtirgich odamlarni elektr toki urishidan himoya qilishi va elektr jihozlarining xavfsiz ishlashi uchun zarurdir. Yerlashtirgich xonadonlarda, elektr tarmog'ining barcha tok o'tkazuvchi qismlarini yerga ulashni o'z ichiga oladi, buning uchun minimal qarshilikka ega o'tkazgichdan foydalaniladi. Yerga ulash tufayli elektr jihozlarining korpuslarida yig'ilib qoladigan statik zaryadlar ham yi'g'ilmaydi. To'g'ri loyihalangan yerlashtirgich – uyda yashovchilarni elektr xavfsiligi, elektr jihozlarini to'g'ri ishlashi va eng muhimi sog'liq uchun kerak.
Uylarda yerlashtirgich kerakmi?
Qisqa tutashuv xavfi, nafaqat maishiy texnikalarini ishdan chiqishidadir. Uylarda yerlashtirgich, insonlarni elektr toki urishidan, jarohat olmasliklari uchun kerak. Agar o'tkazgichlar qurilmaning korpusiga tutashib qolgan bo'lsa, biz unga teginishimiz bilan tok urishi mumkin. Elektr toki har doim chiqish yo'lini qidiradi va yerga qarab intiladi.
Xonadonlarda yerlashtirgich kerakmi? Albatta. Tizimning vazifasi, elektr zaryadini yerga o’tkazish uchun, eng qisqa yo'l bilan ta'minlashdir. Fizika qonunlariga ko'ra, u minimal qarshilikka ega o'tkazgichni qidiradi. Agar "doza" shunchalik katta bo'lsa ham, yerlashtirgich qurilmasi uni butunlay o'tkazib yubora olmasa ham, inson tanasidan faqat kichik bir qismi o'tadi, bu esa zarar yetkazmaydi. Ehtimol, siz ozgina qisqa muddatli titroqni his qilarsiz. Bu shuni ko'rsatadiki, to'g'ri yasalgan yerlashtirgich, elektr xavfsizligi kafolati hisoblanadi.
GOST, QMQ (СНиП) va PUEga ko'ra, har bir turar-joy binosi, qisqa tutashuv va daydi toklardan himoya qiladigan tizim bilan jihozlangan bo'lishi shart. Yerlashtirgich yordamida hal qilinadigan yana bir vazifa, yong'in xavfsizligini ta'minlashdir. Qisqa tutashuvlar natijasida birdan alanga sodir bo'ladi, keyin yong'in, oqibatda esa qayta tiklash qiymati (agar iloji bo'lsa) juda yuqori bo'ladi. Yerlashtirgich montaj qilish narxiga bir necha barobar yuqori bo'ladi.
Televizorida signal muammosiga duch kelganlar ham, xonadonlarda qanday qilib yerlashtirgich yasash mumkin deb, so'rashadi. Agar yaqin atrofda kuchli energiya tarqatuvchi bo'lsa, televizor, kuchaytirgich, radiodan foydalanishda shovqin va halaqitlar muqarrar bo'ladi.
Yerlashtirgichga qo’yilgan qat’iy me’yorlar
Yerlashtirgich qurilmasiga qo'yiladigan asosiy me'yoriy talab, uning qarshiligidir. 380/220 V tarmoq kuchlanishida, xonadonlar uchun bu qarshilik 30 Omdan oshmasligi kerak. Agar sizning uyingizda gaz qozon o'rnatilgan bo'lsa, qozonning mumkin bo'lgan portlashidan himoya qilish va oldini olish uchun gazchilar yanada qat'iy meyorlarni ko'rsatishadi - 10 Omdan oshmasligi kerak.
Yerlashtirgich qurilmasining qarshiligi qanchalik kichik bo'lsa, uning ishonchliligi shunchalik yuqori bo'ladi. Om qonuniga ko'ra I=U/R. Ya'ni, R qanchalik kichik bo'lsa, qisqa tutashuv toki shunchalik katta bo'ladi, ya'ni himoya qurilmasi avtomat albatta ishlaydi.
PUE talablari va qoidalari
Har qanday turar-joy ob'ektida, PUE talablariga muvofiq, 220/380 volt xavfli kuchlanishdan, maxsus himoya tashkil qilinadi. Shu maqsadda foydalanuvchi o'z hududida yerlashtirgich qurilmalari deb ataladigan maxsus po'lat konstruktsiyalar o'rnatadi. Ularning asosiy vazifasi uyda yashovchi odamlarni elektr toki urishidan himoya qilishni kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.
PUE, 1.7-bob, 1-qism, 1.7.71-bandiga muvofiq, yerlashtirgich uchun tayyorlanayotgan metall o'lchamlari tokning yerga tarqalishiga kerakli qarshilikni berishi zarurligini hisobga olgan holda tanlanadi. Turli konstruksiya elementlar uchun bu ko'rsatkichlar bir biridan farq qilishi mumkin. Biroq, ularning minimal o'lchamlari quyidagi standartlarga mos kelishi kerak. Sun’iy yerga ulagichlar uchun po‘lat qo‘llanilishi va bo’yalmagan bo’lishi kerak.
Quyida po‘lat elektrodlarni eng kichik o‘lchamlari keltirilgan

Qoziqlar sifatida to’g’ri burchakli po’lat tanlanganda, 12x4 mm, (kesimi 48 mm2)
Qoziqlar uchun burchaklarni (ugolnik) tomonlari 4х4 mm, tanlanadi.
Yumaloq prutdan foydalanilganda, diametri 10 mm2 dan kam bo’lmasligi kerak.
Metall quvurining devor qalinligi 3.5 mm, diametri 32 mm dan kam bo’lmasligi kerak.
Agar siz xonadonlarda yerlashtirgich qanday yasash kerakligini va u qanday texnik xususiyatlarga ega bo'lishi kerakligini bilmasangiz, PUE 1.7 bobida, yerlashtirgich va elektr xavfsizligi himoya choralari deb nomlangan bo'limi bilan tanishib chiqishni tavsiya qilaman.
Kontur yerlashtirgich turlari
Tokni yerga tezda "oqib ketishi" uchun tashqi qismida, tarqalish maydonini oshirish uchun ma'lum bir tartibda joylashtirilgan bir nechta elektrodlarga taqsimlanadi. Yerlashtirgichni uch turi mavjud biroq amalda Ikkita asosiy ulanish turidan foydalaniladi.
Modulli-elektrodli
Eng oddiy turdagi sxema bo'lib, u yerga chuqur kirib boradigan bitta elektroddan iboratdir. Yerga chuqur kirgizish muammosi, samaradorligi ozligi sababli u amalda qo’llanilmaydi. Shunga qaramay, bu variant uyda yerlashtirgichni to'liq yo'qligidan ko'ra, ancha samaraliroq.
Uchburchak
Berk kontur bunday holatda, tokni uchta elektrodlar yordamida chiqarib yuboriladi. Ular po’lat tasmalar bilan mustahkam bog'langan bo'lib, ular teng yonli uchburchakning qirralariga aylanadi. Uyni shu tarzda yerlashtirishdan oldin, siz uni geometrik nisbatlarni tushunishingiz kerak. Quyidagi qoidaga ko’ra yasaladi: Qoziqlar, bog’lovchi tasmalar soni - uchta. Qoziqlar uchburchakning burchaklariga o'rnatiladi. Har bir bog’lovchi tasmaning uzunligi qoziq uzunligiga teng. Butun konstruksiyaning minimal chuqurligi 0,5 m.
Chiziqli
Bunday variant yarim aylana yoki chiziqli shaklda joylashgan bir nechta elektrodlardan iborat. Ochiq kontur, uchastka maydoni yopiq geometrik konstruksiyani shakllantirishga imkon bermagan hollarda qo'llaniladi. Qoziqlar orasidagi masofa 1-1,5 metr oraliqda tanlanadi. Ushbu usulning nochorligi elektrodlar sonining ko'payishi hisoblanadi. Ushbu usuldan ko'pincha xonadonlarni yerga ulashda qo'llaniladi.
Muhim! Chiziqli sxema bo’yicha yasalgan yerlashtirgich, svetodiod lenta printsipi asosida ishlaydi agar bog’lovchi tasmaning biroq joyi shikastlansa uning ma'lum bir qismini uzib qo’yadi. Umuman olganda, berk konturni to'rtburchaklar, ko'pburchak yoki aylana shaklida yasash mumkin, ammo ko'proq qoziqlar talab qilinadi. Berk konturning asosiy afzalligi shundaki elektrodlar orasidagi istalgan joydagi bog'lanish buzilganda ham to'liq ishlashni davom ettirishdir.
O'z qo'llaringiz bilan yerlashtirgich qurilmasi yasash:
Agar siz qanday qilib yerlashtirgich yasaladi deb o’zingizga savol berayotgan bo’lsangiz, yasash uchun quyidagi instrumentlar kerak bo’ladi.
Payvandlash apparati (svarka) konstruksiyani bir biriga ulash va yerlashtirgichni gorizontal qismini binoning poydevoriga olib kelish uchun kerak;
Metallni belgilangan bo'laklarga kesish uchun bolgarka;
M6, M8 yoki M10 gaykalarni qotirish uchun kalitlar;
Chuqur qazish va ko'mish uchun belkurak;
Elektrodlarni yerga qoqish uchun kuvalda;
Montaj uchun joy tanlash
Avvalo, siz joy tanlashingiz kerak. Elektrodlar joylashadigan maydon yetarlicha yumshoq bo’lishi, ularni yerga qoqish imkoni bo’lishi kerak. Quvurlar va shu kabilarning issiqligi taʼsiri ostida qurib turadigan joylarga yerga ulagichlar joylashtirish (foydalanish) lozim emas.
Yerlashtirgich yer sathidan 0,5 metrdan kam bo’lmagan chuqurlikda joylashtirish Bu uydan yetarlicha uzoqda joylashgan tekis maydon bo'lishi kerak - Bundan tashqari, yerlashtirgich tizimi bino fundamentidan 1 m dan uzoq lekin 10 metrdan ortib ketmasligi kerak. U uydan juda uzoqda joylashgan bo’lmasligi kerak. Bu nafaqat ulovchi shina qisqaligi sababli materialdan tejashga, balki tok oson o’tib ketishi uchun qarshiligini ham kamaytiradi. Gorizontal yerga ulagichlar chuqurlari mayda toshlar va qurilish axlatlari boʼlmagan bir xil tuproq bilan toʼldirishlari kerak.
Yerlashtirgich parametrlari va materiallari
Yerlashtirgich konturi vertikal va gorizontal qismlardan iborat. Elektrodlar yoki qoziqlar odatda po'lat profildan tayyorlanadi. Ushbu material, yerga chuqurroq qoqib kirgizish imkoniyati tufayli ko’p foydalaniladi. Bunda, ko’ndalang kesimi yetarlicha olinganda uning elektr qarshiligi talablarni to'liq qanoatlantiradi. Qoziqlar quyidagi materiallardan tayyorlanishi mumkin:
1) Prut. Diametri 10 mm dan kam bo'lgan yumaloq po'lat. Odatda diamteri 14 mm yoki undan kattaroq yumaloq po’lat tanlanadi, agar diametri bundan kichkina bo’lsa yerga qoqish muammo bo’ladi. Eng keng tarqalgan variant - diametri 16-18 mm bo'lgan sterjen.

Armaturalardan foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki u qizdirib toblangan bo’ladi, bu esa qarshilikning oshishiga olib keladi. Bundan tashqari, taram-taram qilingan sirti, sterjen kesimidan nooqilona foydalanishga olib keladi. Armaturani yerqa qoqilganda yer bilan to’liq kontaktda bo’lmaydi.

2) Ugolnik. Po'lat ugolnik minimal o’lchami 40x40x4 mm.
Kop hollarda 50x50 mm o'lchamdagi, qalinligi 4-5 mm bo’lgan ugolokdan foydalaniladi. Ugolnikni yerga qoqish oson bo’lishi uchun, bir tarafi 30 graduslik burchak ostida kesiladi. Bu po'latning yerga kirishi uchun eng maqbul burchakdir.

3) Quvur diametri Ø 32 mm dan ortiq, qalinligi 3,5 mm. ko’pincha diametric 50 mm, qalinligi 4-5 mm bo’lgan quvurdan foydalaniladi. Qattiq yerlar va tez-tez qurg'oqchilik bo'ladigan hududlar uchun devori qalin quvurlar tavsiya etiladi. Bunday quvurning pastki qismidan teshiklar ochiladi. Tuproq qurigan vaqtda, tuzli suv quvurga quyiladi, bu esa tuproqning tarqatish qobiliyatini oshiradi.

Yerlashtirgichni gorizontal qismi 40x4 mm po'lat tasmadan yasaladi.
Yer qazish ishlari
Joyni tanlagandan so'ng, joy belgilanadi ( tomonlari 2-3 m bo'lgan uchburchak uchun) va binoning poydevoriga chiqadigan po’lat tasma uchun joy aniqlangandan so'ng, qazish ishlarini boshlashingiz mumkin. Buning uchun belkurak yordamida, tomonlari 2-3 m bo'lgan, belgilangan uchburchakning perimetri bo'ylab 50 sm tuproq qatlamini olib tashlash kerak. Bu keyinchalik metall tasmani qiyinchiliksiz, yerlashtirgich elektrodlariga payvandlash uchun kerak. Shuningdek tasmani bino fundamentiga olib kelish uchun huddi shunday bir xil chuqurlkda qo’shimcha ravishda chuqur qazish kerak.
Yerlashtiruvchi elektrodlari uchun masofa va o'lchamlar
Xonadonlarda yerlashtirgich o'rnatishda rioya qilish kerak bo'lgan majburiy shartlar: Yerga qoqiladigan elektrod uzunligi. U kamida 2-3 metr bo'lishi kerak. Dastlab, 3 m uzunlikdagi elektrodni olgan yaxshi. Chunki uni kuvalda bilan urish jarayonida urilgan qism bukiladi. Oxir-oqibat, siz bunday yapaloqlangan elektrodning bir necha santimetrini bolgarka bilan qirqib tashlash kerak bo'ladi.

Elektrodlar orasidagi masofa.
U ham elektrodlar uzunligi bilan bir xil 2-3 metr bo'lishi kerak. Qanday turdagi konturga ega bo'lishingizdan qat'i nazar - uchburchak yoki to'g'ri chiziq ko’rinishida. Bu yerlagichlardan tok tarqalishi bilan bog'liq. Agar elektrodlar 2 m dan yaqinroq masofada qoqilgan bo'lsa, unda qancha elektrod qoqqaningizning farqi yo'q bo’lib qoladi. Ular deyarli bitta elektrod kabi ishlaydi.

O'rnatish paytida xatolar
Agar uyning yerlashtirgichi o'rnatilishi noprofessional tomonidan amalga oshirilsa, tizim samaradorligini pasaytiradigan, texnik xatolarga yo’l qo’yilishi mumkin. Biz eng keng tarqalgan xatolarni sanab o'tamiz, buning oldini olish orqali siz uyingizning energiya xavfsizligini ta'minlaysiz:
* Elektrodlarni bo'yash mumkin emas, aks holda ular erga tok o'tkazish qobiliyatini yo'qotadilar.
* Shinani bolt gayka bilan biriktirish mumkin emas, chunki korroziya kontaktlarni tezda yo'qolishiga olib keladi.
* Yerlashtirgich tizimini uydan uzoqda joylashtirish tavsiya etilmaydi-masofa sezilarli darajada qarshilikni oshiradi.
* Agar siz ingichka elektrodlardan foydalansangiz, vaqt o'tishi bilan korroziya metallning o'tkazuvchanligini pasaytiradi.
* Po’lat tasmalar uchun juda ingichka prolist ishlatilishi. Bunday material tezda korroziyaga uchraydi, buning natijasida o'tkazgichning qarshiligi oshadi. Yerlashtirgich tizimi samarasi pastlaydi.
* Mis va alyuminiy o'tkazgichlarni bir-biriga ulash mumkin emas, buning natijasida ulangan joyda kontakt korroziyasi yuzaga keladi.
O'rnatish bosqichlari
Endi, oldindan chizilgan sxemaga ko'ra, siz elektrodlarni erga taxminan 2 metr chuqurlikda qoqishingiz kerak, payvandlash uchun ustki qismidan qoldirish kerak. Barcha elektrodlarni qoqib bo'lgach, elektrodlarni ustidan uchburchak karkas shaklida bog’lovchi po’lat tasmani payvand qilishingiz kerak bo'ladi. Yana bir 4x40 mm po’lat plastinkani bir uchini uchburchak shakldagi yerlashtirgich ikkinchi tarafini esa bino fundamentiga qadar yer sathidan 50 sm chuqurlikda tortib borib yotqiziladi.
Montaj ishlari tugaganidan so’ng oxirida, barcha kovlangan joylar qayta tuproq bilan to'ldiriladi. Keyinchalik, po’lat tasmani fundamentga chiqqan joyidan bolt gayka yordamida kesimi 10-16 mm2 mis o’tkazgich yordamida elektr shitiga qadar tortib borib umumiy yerlashtirgich shinasiga ulash kerak. Eng so'nggi bosqich yerlashtirgich konturini qarshiligini o’lchash. Uni o'lchash uchun siz maxsus elektr jihozidan foydalanishingiz kerak, ammo bu juda qimmatga tushadi, hamma elektrikda ham bu topilavermaydi.
Multimetr bilan yerlashtirgich holatini qanday tekshirish mumkin
Yerlashtirgichni tekshirishning eng oson usuli oddiy multimetr yordamida amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun siz qurilmani o'zgaruvchan kuchlanishni (V~ yoki AC) o'lchash rejimiga o'tkazishingiz kerak va shuplar yordamida rozetkadagi kuchlanishni, avval faza va nol o'rtasida, keyin faza va yerlashtirgich orasidagi kuchlanishni o’lchashingiz kerak. Har ikkala holatda ham kuchlanish taxminan bir xil bo'lishi kerak, bu xonadonda yerlashtirgich holati yaxshi ekanligini ko’rsatadi. Agar multimetr past kuchlanishni ko’rsatsa yerlashtirgich holati yaxshi emasligini ko’rsatadi.