Konditsioner nima uchun sovitmaydi
Admin
2025
June 25, 2024
Avtomatika
Nima uchun konditsioner sovitmaydi
Konditsionerni nima sababdan ishga tushmayotganligini o‘zingiz mustaqil ravishda sababini aniqlashingiz mumkin. Ko‘p hollarda konditsioner ishga tushib ishlaydi, lekin sovitmaydi. Nima uchun konditsioner sovitmaydi? Keling, asosiy sabablarni ko‘rib chiqaylik:
Masofadan boshqarish pultida noto‘g‘ri rejim tanlangan. Sovitish rejimi va kerakli past haroratga o‘tkazish orqali muammoni hal qilish mumkin. Buning uchun pultdan "MODE" tugmasini bosish orqali "COLD" sovitish rejimiga o‘tiladi. Bu operatsiyalarni bajargandan so‘ng, qurilma o‘rtacha 3-5 daqiqadan so‘ng xonani ovutishni boshlashi kerak.

Ishlash vaqti. Konditsioner bir zumda muzdek sovuq havo chiqarmaydi. Xonani sovitish uchun 10-30 daqiqa kerak bo‘ladi. Sovitish vaqti qurilmaning quvvatiga, xonaning kattaligiga va harorat farqiga qarab o‘zgaradi: tashqi va siz konditsionerga o‘rnatgan haroratga qarab.
Qurilmaning quvvati. Kichik quvvatli konditsioner "issiq" xonani sovitish uchun uzoq vaqt talab etadi. Ayniqsa, xona kun bo‘yi to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurida ta’sirida yoki katta oynalar bo‘lsa. Agar konditsioner to‘g‘ri tanlangan bo‘lsa, konditsionerga kiruvchi va chiquvchi havo haroratini o‘lchash orqali diagnostika qilish kerak. Soz holatdagi konditsionerda "kirish-chiqish" da harorat farqi 7-15 darajani tashkil qiladi. Agar farq bu qiymatlardan kamroq bo‘lsa, sizning split tizimingiz haqiqatdan ham yaxshi sovitmaydi.
Texnik xizmat ko‘rsatilmaganligi. 3-5 yildan so‘ng konditsioner "oldingidek" sovitmayotganligini payqagandirsiz. Sovitishning pasayganligini sababi nimada? Keling, buni aniqlaylik.
Ichki blokdagi filtrlar tiqilib qolgan. Konditsionerning filtrlari changga to‘lib qoladi. Shu sababli, radiator havoga sovuqni yaxshi chiqarmaydi, bu esa kuchsiz sovitishga olib keladi. Agar fitrlarda chang juda ko‘p yig‘ilgan bo‘lsa, bug‘latkich (isparitel) quvurlari muzlashi mumkin. Yechim oddiy: ichki blok filtrlarini muntazam tozalab turing. Ularni olish oson, siz faqat ichki blokning old panelini qopqog‘ini o‘zingizga tortib yuqoriga ko‘tarishingiz kerak. Filtrlarni olib, kir yuvish vositalaridan foydalanmasdan, sovuq suv bilan yuvish tavsiya etiladi.

Ichki blok ventilyatori chang bo‘lishi. Konditsionerning ichki blokiga rotorli ventilyator o‘rnatilgan bo‘lib, tizimda sovitilgan havoni xonaga yetkazib beradi. Chang va qurum to‘planishi tizim o‘tkazuvchanligini pasaytiradi, natijada sovuq havo kam chiqadi. Ventilyator parraklarini kichik cho‘tka bilan tozalash mumkin.

Tashqi blokning issiqlik almashtirgich (radiatori) ifloslanganligi. Ish vaqtida konditsioner issiqlik almashtirgich orqali katta hajmdagi havoni harakatga keltiradi. Mis radiator juda kichik yupqa qovurg‘alarga ega bo‘lib, ular terak gullari puhi, chang va boshqalar bilan osongina tiqilib qoladi. Issiqlik almashtirgich iflos bo‘lsa, konditsionerning ishlashi pasayadi, chunki issiqlikni chiqarib tashlash samaradorligi pasayadi. Radiatortorda toza havoning yetarli darajada aylanmasligi tufayli qurilma qizib ketadi va kompressor o‘chadi; Radiatorni tozalash uchun, bosim ostidagi suv bilan yuvish yordam beradi. Bunda konditsioner kuchlanish tarmog‘idan o‘chirilgan bo‘lishi kerak. Kun isigan vaqtda yuvilsa konditsioner ichki qismlaridagi suv bir zumda quriydi.

Boshqa turdagi nosozliklarni bartaraf etish malakalik mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Sovitish vositasi ozligi. Tizimda sovitish vositasi (Freon) etishmasligining tashqi belgilari - konditsioner ishlaydi, lekin sovitmaydi, qurilma haddan tashqari qizib ketadi va sovuq havo o‘rniga iliq havo beradi. Qurilmani oz miqdorda sovitish vositasi bilan ishlatish kondensator, bug‘latkich (isparitel) va suyuqlik liniyasining ishdan chiqishiga olib keladi. Belgilarini aniqlash juda oson, faqat konditsioner tashqi blokini diqqat bilan ko‘rib chiqishingiz kerak. Siz o‘zingiz vizual ravishda konditsioner tashqi blokidagi ventil va sovitish vositasi quvurini qarasangiz ham bilishingiz mumkin, quvurlarni ulangan joylarida yog‘ paydo bo‘ladi, konditsioner ishlab turgan vaqtda quvurlarni oq qirov bosgani ko‘rishingiz mumkin yoki diametri katta past bosimli quvurni qo‘l bilan ushlab ko‘rsangiz, u qadar sovuq bolmasligi mumkin. Ichki blok bug‘latkichi yuqori qismi muzlab qirov bosadi.

Sovitish vositasi yetarlicha uchuvchan sovituvchi hisoblanadi. Kichik bir mikro yoriq yoki quvurlarni ulanib birikadigan joylari yaxshi qotirilmaganda tezda uchib ketadi. Sovitish konturi yetarlicha germetik bo‘lsa ham, sovitish vositasini yo‘qolishi normal holatda yiliga 6-8% ni tashkil qiladi. Tizimdagi bosimni o‘lchash orqali sovitish vositasi ozayganligini aniqlash mumkin. Agar bosim me’yordagi ko‘rsatkichlardan ko‘p farq qilmasa, ozroq freon quyish yetarli bo‘ladi. 2-3 yil ishlagandan keyin tizimda freon umuman bo‘lmasa, siz sovitish vositasi chiqqan joyini topishingiz kerak bo‘ladi.
90% da bu sifatsiz valsovka va gaykani noto‘g‘ri qotirish, qolgan 10% da foydalanish mobaynida sovitish vositasi quvurlarini mexanik shikastlanish bo‘ladi. Shikastlangan quvurni payka qilish yoki magistralni butunlay almashtirish yangidan valsovka va undan so‘ng konturni vakuum qilish kerak. Har qanday holatda ham ikki yilda bir marta freon mavjudligini tekshirish yaxshidir. Bu sizga xotirjamlik va qimmat uskunangizning ishlash muddatini uzaytiradi.
Sovitish vositasi haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, sovitish vositasini bug‘lanishi va kondensatga aylanishini yomonlashtirib, qurilmani ish faoliyatini buzadi. Bunda sovitish vositasini bir qismi ichki blokka yetib kelmasdan tashqi blok kondensatorida qilib ketadi. Natijada qurilma yaxshi sovitmaydi. Sovitish vositasini ortiqchasi kondensatorda gidro zarbani keltirib chiqarish ehtimoli bor, bundan tashqari yuqori bosim tort tomonlama klapanni ishdan chiqarishi mumkin.
Konditsionerni boshqa qismlarini nosozliklari
Harorat datchigini noto‘g‘ri ishlashi. Jiddiy buzilish xavfini minimallashtirish uchun ishlab chiqaruvchilar konditsionerlarga tashqi va xona ichidagi haroratni, shuningdek, qurilmaning ba’zi muhim tarkibiy qismlarining ishlashini nazorat qiluvchi datchiklarni o‘rnatadilar. Harorat datchigidan ma’lumot kelsagina konditsioner haroratni sovitishni boshlaydi yoki to‘xtaydi. Berilgan parametrni harorat datchigiga qarab sozlaydi. Agar harorat datchigi nosoz bo‘lsa, konditsionerni ishlashida muammo yuzaga keladi.

Harorat datchigi ishlayotganligini qanday tekshirish mumkin? Ko‘pincha yarimo‘tkazgichli termistorlar NTS qo‘llaniladi. Termistorni ishlash prinsipi harorat ko‘rsatkichlariga qarab yarimo‘tkazgich qarshiligini o‘zgartirishdir. Asosiy mezon harorat datchigi qarshiligini o‘lchash. Dastlab datchikni elektron platadan yechib olinadi. Undan so‘ng multimetrni qarshilikni o‘lchash rejimiga qo‘yib olamiz.

Datchikni qarshiligi haroratga bog‘liq ravishda o‘zgaradi. O‘lchangan qiymat normalga mos keladimi yoki yo‘qligini aniqlash uchun harorat datchigini haroratga bog‘liq ravishda qarshiligi o‘zgaradigan jadvalini internetdan topishingiz kerak. Misol: +25 °C, 10 kOm. Konditsionerning harorat sensori ishlamay qolganda, u odatda almashtiriladi. Qurilmaning ishlashini to‘xtatmaslik uchun uning o‘rniga rezistor payka qilinishi mumkin. Bu qurilmaning uzluksiz ishlashiga olib keladi. Bu usul oxirgi chora sifatida qo‘llaniladi.

Kapillyar quvurlarni tiqilib qolishi. Bunday nosozlik bilan konditsioner intensiv ravishda zo‘r berib ishlaydi, lekin sovurmaydi. Kompressor deyarli o‘chmaydi. Ichki blokka boruvchi quvur muzlashi mumkin. Agar quvur liniyasi qisman tiqilib qolsa, uni bosim ostida puflab tashlash mumkin. Jiddiy tiqilish muammosi o‘tkir eritma (rastvoritel) yoki spirt yordamida hal qilinishi mumkin.
To‘rt tarafga harakatlanuvchi klapan bilan muammo. 4 ta magistral quvurlari ulangan elektromagnit, yozdan qish rejimiga (sovuqdan issiqlikka) va aksincha issiqdan sovuqqa o‘tish uchun mo‘ljallangan klapan hisoblanadi. Freon oqimini boshqaradi. To‘rt tomonlama klapan buzilgan bo‘lsa tashqi blokni ventillaridan biri muzlashi mumkin. Haroratning notekis taqsimlanishi: Buzilgan to‘rt tomonlama klapanni eng keng tarqalgan belgilaridan biri xonadagi haroratning notekis taqsimlanishidir. Siz konditsioner ichki blokida ayrim joylar juda sovuq, boshqa joylari esa kam sovitilgan sezishingiz mumkin. Bu klapanning ish rejimlarini noto‘g‘ri almashayotganliginini ko‘rsatishi mumkin.

Kompressorning ishlamay qolishi. Kompressor split tizimning yuragi hisoblanadi, kompressor ishlamasa freonni o‘zi sovurmaydi. Kompressor har doim ham buzilavermaydi, ta’mirlash uchun ko‘p xarajat qilishga hojat yo‘q, lekin uni ishlamay turganiga nima sababligini aniqlash kerak.

Dastlab konditsionerni ishga tushiruvchi kondensatorini almashtirish kerak. Bu eng keng tarqalgan nuqson. Kompressor 4-5 yil foydalanilgandan keyin albatta kondensatorini almashtirishingiz kerak bo‘ladi. Kondensatorni sig‘imi kamayib ketganligi sababli, kompressor ishga tusha olmay qoladi.

Agar kondensatorni almashtirgandan keyin ham kompressor ishga tushmasa, bunday holatda kompressor porsheni qisilib qolgan bo‘lishi mumkin. Qisilib qolganda diod va sig‘imi katta kondensator yordamida yurgizib yuborishni bir nechta usullari bor. Bu usullar ham yordam bermasa kompressor o‘ramlarini tekshirish kerak qizish natijasida kuygan, uzilgan yoki o‘ramlarlaro qisqa tutashuv bo‘lishi ham mumkin. Kompressor kuygan bo‘lsa ta’mirlash narxi ancha qimmatga tushadi. Uni hech kim ta’mirlamaydi, yangisiga almashtiriladi. Eski modeldagi konditsionerlarda kompressor ishga tushmayotganiga past kuchlanish ham sabab bo‘lishi mumkin.