Ushbu sayt elektrotexnika va elektronika bo'yicha informatsiya beruvchi, amaliy va nazariy o’rgatuvchi sayt. Saytimiz yordamida siz nafaqat tushunasiz, elektrotexnika va elektronika sohasini yoqtirib ham qolasiz.

Konditsioner qanday o'rnatiladi?

Admin 1265 July 31, 2023  Avtomatika

 

Xonadonga konditsioner o'rnatish uchun joy tanlash.

Konditsionerni o'rnatish uchun joy tanlashda ishlab  chiqaruvchilarning tavsiyalariga amal qilinadi. Shuning uchun, ichki blokni o'rnatishda quyidagi talablarni hisobga olish lozim:

• Qurilma o'rnatiladigan devor, uning og'irligini ko'taradigan darajada mustahkam bo'lishi va shovqin va tebranishlarni (vibratsiya) kuchaytirmasligi kerak. Shuning uchun, ichki blokni ingichka devorga o'rnatmaymiz.

• Ichki blok isitish radiatorlari, pechlar, isitgich va sovutgichlar kabi issiqlik yoki bug' manbalaridan uzoqda bo'lishi kerak.

• Shkaflar va boshqa narsalar, konditsionerdan havo chiqishiga xalaqit bermasligi kerak. Ichki blokdan polga kamida 2 metr, shiftga - 15 sm dan, yon tomonlaridagi har qanday narsalarga - 15 sm dan kam bo'lmasligi kerak.

• Ichki blok yaqinida elektr rozetkasi bo'lishi kerak.

Tashqi blokni joylashtirishda qurilma ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqilgan quyidagi tavsiyalarni hisobga olish kerak:

• Tashqi blok o'rnatiladigan devor qurilmaning og'irligini ushlab turishi va xonaga tebranish va shovqin o'tkazmasligi uchun yetarli yuk ko'tarish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak.

• Havoning kirishi va chiqishi, shuningdek, havoni erkin almashinuviga hech narsa to'sqinlik qilmasligi kerak. Shuning uchun, tashqi blokni ko'p qavatli uylarda balkonga joylashtirilmaydi.

• Tashqi blok joylashuvi, to'g'ridan-to'g'ri quyosh nurlaridan, qor ko'chkilaridan va kuchli shamollardan himoyalangan bo'lishi kerak.

• Tashqi blok, jihoz o'rnatilgan devordan 20 sm, yon tomonlari 20 sm va old tomondan 60 - 200 sm dan ortiq masofada joylashgan bo'lishi kerak.

Konditsionerni o'rnatish uchun joy tanlashda shuningdek devorlarning konstruksiyasi va materialini ham hisobga olinadi. Teshish vaqtida devorning beton konstruksiya karkaslariga zarar yetkazmaslik kerak va suvoq ostidagi elektr o’tkazgichlarni ham shikastlamaslik uchun detektor yordamida tekshiriladi.

Freon trubkasi va elektr o’tkazgichlar, konditsioner korpusini orqa qismidan ko’rinmaydigan qilib tashqariga chiqariladi.

Agar konditsioner freon trassasi korpusni yon tarafidan ma’lum bir masofadan so’ng tashqariga chiqarilsa, unda trassani va elektr o’tkazgichlarni dekorativ kabel kanal yordamida berkitiladi. Bunday holatda xona interyerini buzmaslik uchun sifatli va chiroyli kabel kanaldan foydalaniladi.

Ichki blokni o'rnatishga tayyorlash.

Ichki blokni devorga o'rnatish uchun, kronshteynni o’rnatishga, samorez qotiriladigan joylarini belgilab olamiz. Kronshteynni o’rnatishda albatta qat’iy ravishda shayton yordamida o’rnatiladi.

Shunda konditsionerdan ajralgan kondensat drenaj shlangi bilan chiqib ketadi, aks holda kronshteyn sathi noto’g’ri bo’lsa konditsionerdan ajralgan kondensat tashqariga chiqa olmaydi. Natijada ishki blokdagi to’plangan kondensat suv bo’lib xona ichiga oqadi.  Kronshteyn yonidan esa freon trassani tashqariga chiqarish uchun perforatordan foydalanib devorni burg’alaniladi.

Teshik ochish.

Ichki va tashqi blok bir-biriga elektr o’tkazgichlar, drenaj trubkasi va sovutgich uchun mo'ljallangan mis quvuri orqali ulanadi. Bularning barchasini o’tkazish uchun devordan taxminan 5-6 sm diametrli teshik ochiladi. Ichki blokda to’plangan kondensat tashqariga to’siqsiz oqib chiqib ketishi uchun, devor teshigi tashqariga qarab, ozroq qiyaroq bo’ladi.

Xona seysmik ustunlariga zarar yetkazmaslik uchun, devorlarning birlashgan joylari va burchak qismidan teshik ochmaslik kerak. Kerakli diametrdagi teshikni perforator yordamida teshilgandan so’ng, cho’tka yordamida changlardan tozalang va teshikka PVH quvuri o’rnating, shunda freon trassani o’tkazilayotganda trassani shikastlanishdan saqlaydi.

Ulanish sxemasi.

Konditsioner ikkita blokdan iborat bo'lganligi sababli, ularning har birini elektr manbasiga ulash kerak.

Biz odatda ishki blokka rozetka yoki avtomat orqali elektr manbaiga ulaymiz va undan tashqi blokka ulaymiz. Konditsionerlarni komplektida bu ikki blokni o’zaro bog’lovchi kabeli bo’ladi. Kabelni ulash uchun, Ichki blokni old qopqog’ini ochamiz va o’ng tarafidagi klemma qopqog’i yechiladi. Kabelni ranglariga qarab mos keluvchi klemmalariga ulaymiz va freon magistraliga qo’shib tashqi blokka olib chiqiladi.

Bloklarni bir biriga ulash uchun ikkita kabeli bo’ladi yoki bir dona 5 tolalik kabel kerak bo’ladi, bu konditsionerni modeliga qarab farq qilishi mumkin.  Agar kabel ikkita alohida bo’lsa, kabellarni birining kesimi yo’g’onroq bo’ladi ya’ni 2.5 mm2 tolalarini jigarrang ranglisi (L) klemmaga, ko’k ranglisi (N) klemmaga, sariq yashil ranglisi esa (PE) yerlashtirgichga ulanadi. Ingichka kesimlik kabel esa qizil yoki jigarrang ranglisi fazaga ulanadi.

Kabelni mos keluvchi klemmalariga ulab olingandan keyin, har bir tolani rangiga qarab klemma markirovkasi ulanishini yozib olamiz, bu bizga tashqi blokni ulashda kerak bo’ladi.

Konditsionerning tashqi blokini ulash xuddi shu tarzda amalga oshiriladi. O’tkazgichlarni ulashda ularning ranglari va ichki blokni ulashda tanlangan klemmalariga  mos kelishiga qat'iy rioya qilish kerak.

Mis quvurlarni ulash.

Mis quvurlar (trubkalar) konditsioner komplektida bo’ladi, agar komplektida bo’lmasa o’rnatilayotgan model instruksiyasida mis quvur diametri ko’rsatilgan bo’ladi. Quvurlardan birining diametri kattaroq ikkinchisi mos ravishda kichikroq bo’lishi kerak. Ichki blok quvurlaridagi tiqinlarni yechiladi, ichidagi azot chiqib ketadi.

 

Trubka kesgichdan foydalanib, kerakli uzunlikdagi bo'lakni kesib olinadi, agar komplektida kerakli uzunlikdagi mis quvur bor bo’lsa ortiqcha qismini kesmagan maqsadga muvofiq. Quvurni ulash uchun uchlarini valsovka qilinadi (konus shaklida ochib olish).

Quvurni ichki blokka ulash uchun,  gaykalarini dastlab qo’l bilan ohirigacha qotiriladi, undan so’ng kalit yordamida  mustahkam qotiriladi. Tayyor bo’lgan trassaga drenaj shlang ham qo’shiladi va elektr kabeli birgalikda  ustidan ultrabinafsha nurlariga chidamlik teflon lentasini zich qilib o’rab chiqiladi.

Mis quvurlarni devordan o’tkazishdan oldin, qurilish changi va boshqa qoldiqlar ichkariga kirmasligi uchun, uchlarini skotch, izolenta yoki selofan yordamida berkitish kerak.

Mis quvurlarni juda ehtiyotkorlik bilan egib, bukilib qisilishi va darz ketishidan qochish kerak. Agar sinish, qisilish bo'lsa, quvurni almashtirish kerak bo'ladi. Quvurni toraygan joyi mavjudligi freon oqimiga qarshilik tufayli elektr energiyasining ko'payishiga olib keladi.

Tayyor trassani oldindan burg'ulangan teshikdan o’tkazamiz, ichki blokni, o'rnatilgan kronshteynga ilib qo’yamiz. Fasad tarafdan teshikni ochiq joylarini poliuretan ko’pik yordamida to’ldirilib germetik berkitiladi.

 

Tashqi blokni o'rnatishga tayyorgarlik.

Biz tashqi blokning ost qismidagi mahkamlagichlari orasidagi masofani o'lchaymiz va u o'rnatiladigan devorga belgilar qo'yamiz. Keyin devorda belgilangan joyga qat’iy ravishda tekis qilib kronshteynni o’rnatamiz.

Biz tashqi blokni ilgari o'rnatilgan kronshteynga o'rnatamiz va uni mustahkam qilib qotiramiz. Freon quvurlari va elektr kabellarni, ichki blokka mos ravishda ulaymiz.

Konditsionerni vakuumlash nima?

Konditsionerni tashqi moduli freon bilan to'ldirilgan holda sotiladi, ya'ni u allaqachon kerakli miqdorda sovutgichi (hladogent) bor bo’ladi. Ammo maxsus detallar – ya’ni klapanlar uning tashqariga chiqishiga yo'l qo'ymaydi.

Konditsionerni ichki va tashqi bloklari o’rnatilib bir biri bilan quvurlari ulandi, bizda tayyor split tizimi bor.  Lekin butun trassa havo atmosferasi bor, undan tashqari  namlik yoki iflosliklardan iborat bo’lishi mumkin.  Konditsionerning to'g'ri ishlashi uchun siz undan havo va namlikni chiqarib  tashlashingiz kerak. Shuning uchun biz vakuum qilamiz.

Keyingi bosqichda  trassadan havo va  namlikni chiqarib tashlash bo'ladi, bu yerda ikkita usuldan foydalanish mumkin: "puflash" usuli yoki vakuum nasos bilan.

Ammo xo’jalikda bunday vakuum nasos yo'qligi va bunday narsalarni ijaraga olish qiyin bo'lgani uchun siz "puflash" usulini qo'llashingiz kerak bo’ladi. Ushbu usulning afzalligi shundaki, qo'shimcha asboblar kerak emas. Bunda trassadagi havoni zolotnik orqali chiqarib, o’rnini freon bilan to’ldirishni o’z ichiga oladi.

Shunday qilib, siz quyidagi manipulyatsiyalarni bajarishingiz kerak:

• Klapanlarning qopqoqlarini (3 va 4-raqamlar) va zolotnik qopqog’i - 5 raqam, olib tashlash kerak;

• Olti burchak kalit yordamida klapan 3 ochamiz bir vaqtda 5 zolotnikni bosib turiladi. 3 klapan orqali chiqqan freon trassadagi havoni puflab chiqarib yuboradi. Trassa uzunligiga qarab zolotnikni ochiq holatda ushlab turish mumkin toki havo oxirigacha to’liq chiqarib yuborilgunga qadar undan so’ng zolotnikni berkitamiz. Bunda freonni hammasini atmosferaga chiqarib yuborilmasligi kerak.

Trassadan namlik va havoni chiqarib tashlash protsedurasidan so'ng biz gaz va suyuqlik klapanini oxirigacha ochamiz  va ichki ulangan joylarni sovunli eritma qo'llash orqali trassa germetikligi tekshiriladi.

Konditsionerni o’rnatish ishlari tamomlandi, foydalanish uchun tayyor, qurilmani yoqamiz, isitish va sovutish rejimlariga qo’yib ishchi holati tekshiriladi.