Ushbu sayt elektrotexnika va elektronika bo'yicha informatsiya beruvchi, amaliy va nazariy o’rgatuvchi sayt. Saytimiz yordamida siz nafaqat tushunasiz, elektrotexnika va elektronika sohasini yoqtirib ham qolasiz.

Avtomat o'chirgich tanlash

Admin 2006 Aug. 2, 2023  Elektrotexnika

Avtomat o’chirgich nima va nima uchun uni tanlash kerak?

Avtomat qanday tanlanadi? - bu savol ko'p odamlar uchun uyda elektr  montaj ishlarini bajarayotganda yoki loyihalash bosqichida xonadon yoki ofislarni elektr shiti sxemasini chizayotganda yuzaga keladi.

Avtomat o’chirgichni  tanlash qiyin emas, lekin juda mas'uliyatli, chunki sizning elektr xavfsizligingiz shunga bog'liq bo'ladi. Avtomat o’chirgichni  noto'g'ri tanlash, yong'inga yoki elektr toki urishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun sotib olishdan oldin malakali  elektrik bilan maslahatlashgan yaxshi. Keling, avtomat o’chirgichni tanlash masalasini batafsil ko'rib chiqaylik.

Avtomat ochirgichni vazifasi

Avtomat o’chirgichni (keyingi o’rinlarda avtomat) asosiy vazifasi kabellar va elektr o’tkazgichlarini haddan tashqari qizishidan himoya qilishdir.

Nomidan ko'rinib turibdiki,  Avtomat o'chirgich - bu favqulodda vaziyatlarda bevosita inson ishtirokisiz o'zi elektr tarmog'i yoki elektr jihozlarini o'chiradigan qurilma.


Avtomat uchta muhim vazifani bajaradi.

Birinchisi, o’tkazgichlarni haddan tashqari qizishidan himoya qilishdir. Har bir o’tkazgich ma'lum bir tok kuchi uchun mo'ljallangan. Agar bu qiymatlar oshadigan  bo'lsa, o’tkazgich qiziydi va agar bu uzoq vaqt davom etsa, o’tkazgichlar eriy boshlaydi va hatto yonib ketishi mumkin. Haddan ortiq qizib ketganda, avtomat tarmoqning unga ulangan qismini o’chiradi va shu bilan o’tkazgichlarni va xonani yong'indan himoya qiladi.
Ikkinchisi - qisqa tutashuv sodir bo'lganda tarmoqni o'chirish. Qisqa tutashuv turli xil potensial ega bo'lgan o’tkazgichlar (faza va nol yoki ikkita faza)  bir biriga tegishi natijasida yuzaga keladi. Masalan, bu, o’tkazgichlarning izolyatsiyasi buzilgan vaqtda bo’lishi mumkin. Qisqa tutashuv bo'lsa, tok ming ampergacha ko'tarilishi mumkin, bu yong'inga va barcha ulangan elektr jihozlariga zarar etkazishi mumkin. Qimmatbaho jihozlardan ayrilmaslik va o’tkazgichlarga zarar yetkazmaslik uchun oldindan to'g'ri tanlangan avtomat o’chirgich o'rnatish g’amini yeb qo’yish kerak.

Uchinchisi - yuklamani qo'lda boshqarish. Uning yordamida siz zanjirni kerakli qismini yoqishingiz va o'chirishingiz mumkin. Misol uchun, agar siz xonalardan birida rozetkani o'zgartirishingiz kerak bo'lsa.

Himoya funksiyalaridan tashqari, avtomat o’chirgich boshqa maqsadlarda foydalanish ham mumkin:

- Elektr jihozlarini o'chirish. Sanoat korxonalari va ma'muriy binolarda yoritishni boshqarish uchun bir qutbli avtomatlar qo'llaniladi, kundalik hayotda ushbu qurilmalar yordamida insonlar uzoq vaqt yo'q bo’lganda,  elektr isitish, qozon va boshqa yuqori quvvatli elektr jihozlarini o'chiriladi.

- Iste'mol qilinadigan tokni cheklash (quvvat). Elektr tarmoqlari har bir iste'molchiga ma'lum quvvatdagi elektr jihozlarini bir vaqtning o'zida ishlatishga imkon beradi. Tarmoqning haddan tashqari yuklanishini oldini olish uchun ma'lum bir nominal tokka ega avtomat o’chirgich o'rnatilish kerak.

- Kabellarni ulash. Ba'zi hollarda, turli xil kesimdagi va turli materiallardan kabellarni ulash, shuningdek, tarmoqlarga bo’lish kerak bo'lsa, klemnik yoki boltli birikma o’rniga, avtomatdan foydalanish qulayroqdir.  Kundalik hayotda avtomatni bunday qo'llanilishi aristonni eski alyuminiy o’tkazgichga ulashda, elektr pechkani ulashda va boshqa shunga o'xshash vaziyatlarda amalga oshiriladi.

Qanaqa avtomat tanlash kerak?

Himoyaning ishonchliligi avtomat o’chirgich to'g'ri tanlanishiga bog'liq, shuning uchun himoya qurilmalarining modelini tanlash bir nechta parametrlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Qutblar soni

Elektr zanjirining xususiyatlariga va o'rnatish joyiga qarab, avtomatlar quyidagicha bo’ladi:

• Bir qutbli. Ular maishiy tarmoqlarda alohida liniyalarning fazali o’tkazgichlarini o’chirish, shuningdek, sanoat binolari, ustaxonalar va ofis binolarida yoritishni boshqarish uchun ishlatiladi.

• Ikki qutbli. Bir vaqtda, faza L va neytral N o'chiradi. Ular bir fazali tarmoqlarda kirish, avtomatlari sifatida o'rnatiladi.

• Uch qutbli. Ular uch fazali tarmoqlarda, barcha uchta fazali o'tkazgichlarni bir vaqtning o'zida o’chirish uchun qo’llaniladi.

• To'rt qutbli. Uchta fazalar L1, L2, L3 va neytral N ni o’chiradi. ko'p qavatli binolarning kirish shitlarida o'rnatiladi.

 

Nominal tok

Ushbu parametr, avtomatni o'chirilmasdan qancha tok o’tkazishi mumkinligini anglatadi. Avtomatni nominal toki, ruxsat etilgan kabelni ruxsat etilgan tokidan oz yoki elektr jihozlarni iste’mol tokidan yuqori tanlanadi.

Avtomatlarning eng keng tarqalgan nominallari, rozetkalar uchun 16 A, chiroqlar soni, turiga va o’tkazgich kesimiga  qarab yoritish liniyalari uchun 6 yoki 10 A nominaldagi avtomatlar tanlanadi.

Avtomatlarning nominal toklari, ishlab chiqaruvchilar tomonidan o'zboshimchalik bilan tanlanmaydi,  GOST standarti asosida ishlab chiqariladi.

  • 6 А
  • 8 А
  • 10 А
  • 16 А
  • 20 А
  • 25 А
  • 32 А
  • 40 А
  • 50 А
  • 63 А
  • 80 А
  • 100 А

Avtomatni parametrlarini tanlashga, ta'sir qiluvchi asosiy omillar nominal toki va vaqt-tok xarakteristikasi hisoblanadi.

Vaqt-tok xarakteristikasi nima va ular nima uchun kerak

Yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, ortiqcha yuklama va qisqa tutashuv paytida, zanjirdan yuqori tok oqib o’tadi. Ammo ko'p holatlar mavjudki, qisqa muddatli liniyani ortiqcha yuklanishi normal holatdir va hech qanday favqulodda vaziyatlarga olib kelmaydi. Misol uchun, elektr motorini ishga tushirganda, tok nominal tokdan bir necha baravar yuqori bo'ladi, uyimizdagi sovutgichni kompressori ishga tushganda va boshqa ko'p hollarda.
Masalan, sovutgich 400 W elektr energiyasi iste’mol qiladi, ishga tushish vaqtida esa 1000 – 1200 W oladi.

Bunday qisqa muddatli ortiqcha yuklanishlar, ishga tushiruvchi tok (puskovoy tok) deb ataladi va nafaqat yoqilganda, balki ba'zi mashinalarning ishlashi paytida ham qisqa muddatli ortiqcha yuklamalarga ruxsat beriladi. Agar avtomatlar zanjirni darhol uzib qo'yadigan bo’lsa, tokni  nominal qiymatidan ozgina ortishi, zanjirni normal ishlashini ta'minlab bo’lmay qoladi.

Avtomat ichki mexanizmidagi elektromagnit va issiqlik ajratgichlar  birgalikda ishlashi elektr zanjirlarini himoya qilish va ko'rib holatlarda rejadan tashqari o'chirilishining oldini olish imkonini beradi.

Liniyani o’chirishni kechikish vaqtining u orqali o'tadigan tokning kattaligiga bog'liqligi, vaqt-tok xarakteristikasi (VTX) deb ataladi.

Elektr zanjirini o'chirish uchun zarur bo'lgan vaqt soniyaning bir necha qismidan bir necha minutgacha davom etishi mumkin bu avtomatning nominal toki va uning vaqt - tok xarakteristikasiga bog’liq.

Avtomatni ishga tushish kategoriyasi: vaqt-tok xarakteristikasi

Ishga tushish xarakteristikasi, avtomatni asosiy mezonlaridan biridir. Umuman olganda, zanjirning xavfsizligi ko'p jihatdan unga bog'liq. Agar avtomat o'z vaqtida elektr manbaini o'chirmasa, tarmoqqa ulangan barcha qurilmalar ishdan chiqish xavfiga ega va ba'zilari hatto ta'mirlanmaydi holga keladi. Yomon holatda esa, u hatto yong’inni boshlashi mumkin!

Vaqt-tok xarakteristikalaridagi farqlarga ko'ra, avtomat o’chirgichlar bir nechta kategoriyalarga ajraladi: A, B, C, D, K va Z. Eng keng tarqalgani kundalik hayotimizda foydalaniladigan tarmoqlarda o'rnatilganlar: bular B, C va D .  A Kategoriya avtomatlar kam uchraydi, chunki ular sezgirligi yuqori va asosan yuqori aniqlikdan himoya qilish uchun zarurdir.

Avtomatlarni kategoriyalari, korpusni old qismi yorlig’ida, nominal tokidan avval, lotin harfida ko’rsatilgan bo’ladi.


A kategoriya

Yuqorida aytib o'tilganidek, bu kategoriya avtomatlar sezgir  xarakteristikaga egadir. Issiqlik ajratgich undagi tok kuchi, nominalidan 30 % oshganda taxminan 0.05 sekundda tarmoqni o’chiradi.

Agar biror bir  sabablarga ko'ra, elektronlar oqimining ko'payishi, elektromagnit solenoidni qo'zg'atmasa, himoya ishlamasa, albatta bimetall ajratgich 20 soniya ichida ishga tushadi. Bu kategoriya avtomatlar,  hatto qisqa muddatli ortiqcha yuklamaga ham ruxsat bermaydigan liniyalarga qo’llaniladi. Ular, masalan, yarimo'tkazgich elementlarini o'z ichiga olgan sxemalarni o'z ichiga oladi.

B kategoriya

B xarakteristikali avtomatlar, nominal tok 200 % ga ko'tarilgan taqdirda, elektromagnit ajratgich ishga tushadi. Elektromagnit ajratgichning ishga tushish tezligi 0,015 sekundni tashkil qiladi, bimetall plastinka liniyadagi nominal tokni xuddi shunday o'sishini 4-5 soniyada o'chiradi.

Bunday avtomat aslida rozetkalar, yorug'lik chiroqlari ko'p bo'lgan liniyalarda, ya'ni elektr tokining boshlang'ich o'sishi (puskovoy tok) umuman bo'lmagan yoki minimal bo'lgan joylarda qo’llaniladi.

C kategoriya

C tipi kundalik hayotimizda ishlatiladigan eng keng tarqalgan avtomatlardan biridir. Ularning ortiqcha yuklamaga bardosh berish qobiliyati A va B kategoriyalariga qaraganda ancha yuqori. Elektromagnit ajratgichning ishlashi uchun u orqali nominal qiymatdan 5 barobar ortiq tok o'tkazish kerak. Xuddi shunday tokni o’ynashida, issiqlik ajratgich tarmoqni 1,5 soniyada o'chiradi.

Vaqt tok xarakteristikasi C bo'lgan avtomatlar umumiy tarmoqdagi kirishlarni mukammal himoya qiladi. Shu bilan birga, rozetkalar va yoritish guruhlari ulangan alohida guruhlar B tipidagi avtomatik o’chirgichlar bilan himoyalanishi mumkin. Bunday holda, alohida guruhda qisqa tutashuv sodir bo'lsa, ulardan faqat bitta guruh o’chadi, hamma liniya to’liq o’chmaydi.

D kategoriya

Avtomatning  D xarakteristikasi eng yuqori, ortiqcha yuklamaga bardosh berish qobiliyatini ko'rsatadi. Ushbu qurilmalardagi elektromagnit ajratgichning ishlashi uchun tok nominal qiymatdan kamida 10 marta oshishi kerak.

Ulardagi issiqlik ajratgich, o'z navbatida, 0,4 soniyadan keyin ishga tushadi. Bunday avtomatlar odatda korxonalar va jamoat binolarining umumiy tarmoqlarida qo'llaniladi, ular ehtiyot xavfsizlik sifatida tarmoqlarida ishlaydi. Shuningdek ishga tushish toki juda katta bo’lgan elektr motorlarga ham o’rnatiladi.

Avtomatni o’chirish qobiliyati, qisqa tutashuv toki

Biz yuqorida maksimal ruxsat etilgan yuklama tokini tanlashni ko’rib chiqdik.

Ammo tarmoqda qisqa tutashuv sodir bo'lganda, avtomat  ham o'chirish kerak. Avtomatni bu xususiyat o’chirish qobiliyati deb ataladi. U minglab amperlarda ko'rsatiladi - qisqa tutashuv paytida tok shu qadar katta qiymatga erishish mumkin. Avtomatlarni o’chirish qobiliyatini  tanlash unchalik qiyin emas.

Bu xarakteristika qisqa tutashuv vaqtida tokning maksimal qiymatida, avtomatni ishchi qobiliyatini saqlab qolishligini ko'rsatadi, ya'ni u nafaqat o'chishi mumkin, balki qayta yoqilgandan keyin ham ishlashi kerak. Bu xarakteristika ko'plab omillarga bog'liq va aniq tanlash uchun qisqa tutashuv tokini aniqlash kerak. Biroq uyda yoki xonadonlarda o’tkazgichlar  uchun bunday hisob-kitoblar amalga oshirilmaydi, lekin transformator podstansiyasidan qancha masofaga uzoqligiga qarab aniqlanadi.

Agar podstansiya xonadoningiz yaqinida joylashgan bo'lsa, qisqa tutashuv toki  10 000 A, qolgan barcha xonadonlar uchun 6 000 A avtomat yetarli. Agar uyingiz shahardan uzoq joyda joylashgan bo’lsa qisqa tutashuv toki  4 500 A bo'lgan avtomat yetarli bo’ladi. Avtomatni o’chirish qobiliyati qancha katta bo’lsa, narxi ham shunchalik yuqori bo’ladi.

Odatda, uy o’tkazgichlarida qisqa tutashuv toki 5000 A dan oshmaydi. Yevropa standarti uylarda kamida 6000 A avtomatlarni o'rnatishni tavsiya qiladi (!).

Shahar kvartiralarida o’chirish  qobiliyatiga kichik bo’lgan avtomatlar o'rnatish mumkinmi? O’rnatsa bo’ladi, bu mumkin, lekin hech kim birinchi qisqa tutashuvdan keyin uni almashtirishingiz shart emasligiga kafolat bermaydi. U tarmoqni o'chirish uchun ulgurishi mumkin, lekin undan keyin ishlamay qoladi. Eng yomon holatda, kontaktlar eriydi va o’chirishga ulgurmay qoladi. Shunda o’tkazgichlar eriydi va yong'in paydo bo'lishi mumkin.

Quvvatga qarab avtomat tanlash

220 V uchun hisoblash

Aslida avtomat o’tkazgichni kesimiga qarab tanlanadi. Agar siz o’tkazgichning kesimini bilmasangiz, iste'molchilarning umumiy quvvatiga ko'ra avtomat nominali tanlanadi. Vazifa, oshxonadagi rozetka guruhini qisqa tutashuvdan himoya qilish bo'lsin, misol tariqasida ko’rib chiqamiz.

Aytaylik, sharbat chiqargich (400 W), elektr choynak (1000 W) va blender (300 W), sovutgich (400 W)  bitta rozetkaga ajratilgan. Aslida hamma narsa bir vaqtning o'zida ishlashligini tasavvur qilish qiyin, bo’lmaydi ham. Bir vaqtning o'zida yoqamiz. Bunda elektr jihozlarining umumiy quvvati 2100 W.
 

Tok kuchi (I) bilish uchun, quvvatni hisoblash formulasidan P=U*I foydalanamiz, tokni topish uchun esa  maksimal quvvatni (P) kuchlanish (U) ga bo'lishingiz kerak.

2100 W / 220 V = 9,5 A.

Biz eng yaqin nominalni olamiz – 10 A. Oshxonadagi barcha jihozlarni elektr tarmog’iga ulaganda  ham 10 amperlik avtomat yetarlik ekan, lekin oshxona rozetkasiga boshqa qurilmalarni ham ulash ehtimoli borligi uchun 16 amperlik avtomat tanlaymiz.